Light | 00:01 / 23.05.2018
30663
4 daqiqa o‘qiladi

Kundalik tuxum iste'moli yurak-qon tomir kasalliklari xavfini pasaytiradi

Kuniga hech bo‘lmaganda bittadan tuxum yeyish yurak-qon tomir kasalliklari xavfini pasaytiradi. Buyuk Britaniya olimlari Xitoyda yarim million kishi ishtirokida o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga asoslanib, shunday xulosaga kelishdi, deb yozadi BBC.

Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, insonning kundalik ratsionidan joy olgan tuxum sog‘liq garovidir. Tadqiqot natijalari Heart jurnalida taqdim etildi, maqola tuxumning inson organizmiga ta'sirini o‘rganishning barcha bosqichlarini qamrab olgan.

Foto: Getty Images

Aksariyat shifokorlarning ta'kidlashicha, tuxumning kundalik ratsiondan joy olishi - sog‘lom parhezning bir qismi. Bu tuxum foydali moddalarga boy bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlaridan biri ekanligi bilan izohlanmoqda. Tuxumda oqsil, A, D, B va B12 vitaminlari mavjud, shu bilan birga lyutein va zeaksantin ko‘rish qobiliyatini yaxshilaydi.

"Kuniga bir yoki ikkitadan tuxum yeyish juda yaxshi. Undan qo‘rqishga hojat yo‘q", - deydi Britaniya parhez uyushmasidan Frenki Filips.

Shu o‘rinda u ogohlantiradi ham - tuxumni ham har qanday oziq-ovqat mahsuloti kabi me'yoridan ortiq iste'mol qilish maqsadga muvofiq emas. Unda oqsil ko‘p, organizmda oqsilning me'yordan ko‘p bo‘lishi esa buyraklarga ortiqcha yuk bo‘ladi.

Xolesterin miqdoriga tuxumning ta'siri haqidagi yangi tadqiqotlardan keyin Buyuk Britaniya yurak salomatligi fondi 2007 yildagi haftasiga ko‘pi bilan 3 ta tuxum iste'mol qilishga oid tavsiyasidan voz kechdi.

Foto: PA

Tuxum tarkibida xolesterin bo‘lishiga qaramay, uning boshqa oziq-ovqat mahsulotlaridagi miqdori qondagi xolesterin miqdoriga sezilarli ta'sir ko‘rsatar ekan. Xolesterin miqdoriga tuxumning o‘zi emas, to‘yingan yog‘lar ta'sir ko‘rsatadi, shuning uchun tuxumni qanday tayyorlashingiz muhim ahamiyatga ega.

Bir dona o‘rtacha kattalikdagi tuxumda 4,5 gramm - taxminan bir choy qoshiq yog‘ bo‘ladi. Buning faqat chorak qismigina - to‘yingan yog‘. Tuxum sariyog‘ bilan birga iste'mol qilinsa, boshqa gap.

Buyuk Britaniyaning sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Edvina Karri doim salmonellez mavzusi bilan assotsiatsiyalashadi. 1988 yilning dekabrida u Britaniyada ishlab chiqarilayotgan tuxumlarning aksariyati salmonella bilan kasallangani haqida aytgan va oxir-oqibat bu bayonot uning iste'fosiga sabab bo‘lgan.

Muammo haqiqatda bo‘lgan, biroq 90-yillarda qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari vaksinatsiya dasturini boshlashgan. Endi, oradan 30 yilga yaqin vaqt o‘tib, bu mamlakatda ishlab chiqariluvchi tuxumlar salmonellez jihatidan mutlaqo xavfsiz. Tuxumlar qadoqlanadi, bunday tuxumlar bolalar va  homilador ayollar salomatligi uchun xavfsiz.

Foto: REUTERS

Boshqacha aytganda, tuxumni qaynatgan yaxshimi yoki qovurgan? Parhezshunoslar qovurishni tavsiya qilishmaydi - bu mahsulotdagi yog‘ miqdori oshishi bilan izohlanadi. Umuman olganda esa, o‘zingizga qanday yoqsa, shunday tayyorlang.

Yodingizda bo‘lsin, darz ketgan tuxumlarni xarid qilmang, chunki ular eski bo‘lishi yoki bakteriyalar bilan kasallangan bo‘lishi mumkin.

Tuxumlarni muzlatgichdan alohida qutida yoki konteynerda saqlagan ma'qul. Ularni muzlatgichda saqlash muddati - 28 kun.

Tuxum yangi yoki eskiligini tekshirish uchun uni sovuq suv solingan idishga solish kerak. Yangi tuxum suvda cho‘kadi, eskisi esa suv sathida "suzadi".

Mavzuga oid